Xo‘jalik yurituvchi subyektlarning ustav fondidagi (ustav kapitalidagi) aksiyalarni (ulushlarni) olish shuningdek xo‘jalik yurituvchi subyektlarni qo‘shib yuborish va qo‘shib olishga doir bitimlarni ko‘rib chiqish hamda bunday bitimlarni tuzish uchun monopoliyaga qarshi organning oldindan roziligini olish
TARTIBI
Ushbu sohadagi me’yoriy-huquqiy hujjatlar:
- O‘zbekiston Respublikasining “Raqobat to‘g‘risida”gi Qonuni
(16-18 moddalar); - O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 22.02.2022 yildagi “Maxsus elektron tizim orqali ruxsat etish xususiyatiga ega ayrim hujjatlarni berish tartib-taomillari to‘g‘risidagi yagona nizomni tasdiqlash to‘g‘risida”gi
86-son qarori (bilan tasdiqlangan Nizomga 12 va 13-ilovalar).
Murojaat qilish tartibi:
Xo‘jalik yurituvchi subyektlarni qo‘shib yuborishga, qo‘shib olishga doir harakatlarni amalga oshirishda shuningdek ustav fondidagi (ustav kapitalidagi) aksiyalarni (ulushlarni) olish bo‘yicha bitimlar tuzishda shaxslar yoki shaxslar guruhlari bu harakatlar sodir etilguniga (bitimlar tuzilguniga) qadar “Litsenziya” axborot tizimi yoki O‘zbekiston Respublikasi Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali yoxud Davlat xizmatlari markazi orqali onlayn tartibida murojaat qiladi.
Ruxsat etish xususiyatiga ega hujjatni olish uchun taqdim qilinadigan hujjatlar:
- Ariza. Arizada quyidagilar ko‘rsatiladi:
– talabgor — aksiyani (ulushni) oluvchi jismoniy shaxs uchun — F.I.O., JSh ShIR, telefon raqami, elektron pochta manzili va o‘zining boshqa xo‘jalik yurituvchi subyektlarning ustav fondida (ustav kapitalida) qatnashishi to‘g‘risida ma’lumot.
– talabgor — aksiyani (ulushni) oluvchi, qo‘shib olish bitimida ishtirok etuvchi yuridik shaxslar uchun — nomi, STIR, yuridik manzili, davlat ro‘yxatidan o‘tkazilgan sanasi va joyi, xizmat ko‘rsatuvchi bankning nomi va hisobvarag‘i, telefon raqami, elektron pochta manzili, muassislari (qatnashchilari) tarkibi va ularning jamiyat ustav fondidagi ulushlari miqdori haqidagi quyidagi ma’lumot.
- Talabgorning ariza bergan kundan oldingi ikki yil mobaynida yoxud agar faoliyat ikki yildan kamroq muddatni tashkil etsa, faoliyat amalga oshirilgan muddat mobaynida olib borgan faoliyat turlari, ishlab chiqargan va realizatsiya qilgan tovar turlarining nomlari hamda ularning hajmlari to‘g‘risidagi ma’lumotlar;
- O‘tgan ikki kalendar yilga doir moliyaviy (1 va 2-shakl) va statistika hisoboti;
- Shaxslar guruhining tarkibi to‘g‘risida, bu shaxslarning guruhga kirish asoslari ko‘rsatilgan ma’lumotlar.
Arizani ko‘rib chiqish muddati:
8 ish kuni. Bitim raqobatni, shu jumladan, tovar yoki moliya bozorida ustun mavqeni paydo qilish yoxud kuchaytirish vositasida cheklashga olib kelishiga yoki olib kelishi mumkinligiga asoslar paydo bo‘lgan taqdirda, vakolatli organ aniqlangan asoslarni aniq ko‘rsatgan holda xabarnoma yuborish orqali arizani ko‘rib chiqish muddatini ko‘pi bilan bir oyga uzaytirishi mumkin.
Murojaatni ko‘rib chiqib, ruxsat etish xususiyatiga ega hujjat berilganligi uchun undiriladigan yig‘im:
- Arizani ko‘rib chiqish uchun to‘lanadigan yig‘im miqdori- bazaviy hisoblash miqdorining (BHM) 1 baravari;
- Ruxsat etish xususiyatiga ega hujjat berilganligi uchun undiriladigan yig‘im miqdori: bitim taraflarining oxirgi kalendar yilda tovarlarni realizatsiya qilishdan olingan tushumining (tushum mavjud bo‘lmagan taqdirda — aktivlar balans qiymatining) 0,05 foizi, lekin BHMning yetti baravaridan kam bo‘lmagan va ming baravaridan ko‘p bo‘lmagan miqdorda.
Qaysi holatlarda monopoliyaga qarshi organning oldindan roziligi talab etiladi?
Shaxs va shaxslar guruhi tomonidan xo‘jalik yurituvchi subyektning ustav fondidagi (ustav kapitalidagi) aksiyalarni (ulushlarni) olish bo‘yicha bitimlar:
Quyidagi hollarda monopoliyaga qarshi organning shaxs yoki shaxslar guruhi tomonidan xo‘jalik yurituvchi subyekt ustav fondidagi (ustav kapitalidagi) aksiyalarni (ulushlarni) olish bo‘yicha bitimlarga oldindan roziligini olish zarur bo‘ladi, agar:
- bunday shaxs yoki shaxslar guruhi ko‘rsatilgan aksiyalarning (ulushlarning) ellik foizidan ortig‘ini tasarruf etish huquqini olsa;
- bitimda ishtirok etayotgan shaxslar aktivlarining jami balans qiymati yoki oxirgi kalendar yilda tovarlarni realizatsiya qilishdan olingan jami tushum bazaviy hisoblash miqdorining yuz ming baravari miqdoridan ortiq bo‘lsa yoxud bitim ishtirokchilaridan biri tovar yoki moliya bozorida ustun mavqeni egallab turgan xo‘jalik yurituvchi subyekt bo‘lsa. (“Raqobat to‘g‘risida”gi Qonunning 17-moddasi).
Xo‘jalik yurituvchi subyektlarni qo‘shib yuborish va qo‘shib olish bo‘yicha bitim:
Agar tegishli bitimda ishtirok etayotgan shaxslar aktivlarining jami balans qiymati yoki oxirgi kalendar yilda tovarlarni realizatsiya qilishdan olingan jami tushumi bazaviy hisoblash miqdorining yuz ming baravari miqdoridan ortiq bo‘lsa yoxud ulardan biri tovar yoki moliya bozorida ustun mavqeni egallab turgan xo‘jalik yurituvchi subyekt bo‘lsa, xo‘jalik yurituvchi subyektlarni qo‘shib yuborish va qo‘shib olish bo‘yicha bitimlar uchun monopoliyaga qarshi organning oldindan roziligini olish zarur. (“Raqobat to‘g‘risida”gi Qonunning 16-moddasi).
Agar sizda monopoliyaga qarshi organning oldindan roziligini olish tartibi yuzasidan savollaringiz bo‘lsa, unda tegishli tushuntirish olish uchun O‘zbekiston Respublikasi Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasining Monopoliyalarni tartibga solish va bozor konsentratsiyasi ustidan nazorat qilish boshqarmasiga murojaat qilishingiz mumkin.
Murojaat uchun telefon: 71-207-47-00 (ichki raqami: 270, 271, 272)