Qo’mitada Jahon banki va Qozog’istonning monopoliyaga qarshi organi delegatsiyalari vakillari bilan uchrashuvlar bo’lib o’tdi. Bo’lib o’tgan uchrashuvlarda raqobat sohasida qo’shma dasturlarni ishlab chiqish, tovar va moliya bozorlarida raqobatning holatini tahlil qilish bo’yicha mavjud bilimlarni yanada mustahkamlash borasida o’quv seminarlarini tashkil etish, tajriba almashish, hamda Qo’mitaga texnik ko’mak berish masalalari muhokama qilindi. Bundan tashqari, Iqtisodiy hamkorlik va rivojlanish tashkiloti va BMT savdo va rivojlanish Konferentsiyasi bilan monopoliyaga qarshi kurashish tizimini tartibga solish va raqobatni rivojlantirish sohasida qo’shma loyihalarni ishlab chiqishda o’zaro hamkorlik qilish to’g’risida kelishib olindi.
Shuningdek, Boshqarma mutaxassislari O’zbekiston Respublikasi va Yevropa Ittifoqi o’rtasidagi sherikchilik va hamkorlikni kengaytirish to’g’risidagi Kelishuvga O’zbekiston Respublikasini qo’shilishi bo’yicha o’tkazilgan muzokaralarda ishtirok etdilar. Bo’lib o’tgan muzokaralar davomida Qo’mita tomonidan Kelishuvga raqobat to’g’risidagi qoidalarni kiritish, monopoliyaga qarshi kurashish tizimini tartibga solish sohasida axborot, tajriba almashish, hamda monopoliyaga qarshi ilg’or amaliyotlarni hisobini yuritish va tomonlar tarafidan ularga rioya etish zarurligi qayd etildi va kelishib olindi.
Monopoliyaga qarshi kurashish tizimini tartibga solish va raqobatni rivojlantirish sohasidagi eng yaxshi amaliyotlarning bazasini yaratish bo’yicha tuzilma tuzildi va uni to’ldirish ishlari boshlandi.
Global raqobatbardoshlik va iqtisodiy erkinlik indekslarini hisoblashga qo’shilish va unda O’zbekiston egallagan pozitsiyalarni yanada yaxshilash borasida raqobatga salbiy ta’sir ko’rsatuvchi omillarni aniqlash maqsadida davlat tomonidan beriladigan imtiyozlar va preferentsiyalarni tahlil qilish, davlat tomonidan tartibga solinadigan narx va tariflarni qisqartirish, narxlarni deklaratsiya qilish tartibini bekor qilish, litsenziyalar va ruxsat beruvchi hujjatlarning amaldagi turlarini qayta qo’rib chiqishga qaratilgan choralar bo’yicha yo’l xaritalar ishlab chiqildi va taqdim etildi.
Boshqarma xodimlari tizimli ravishda ushbu yo’l xaritalari, Qo’mitaning asosiy ko’rsatkichlari va Hukumat topshiriqlari bo’yicha ma’lumotlarni to’playdilar va umumlashtirib boradilar. Bundan tashqari, Qo’mita faoliyatida qo’llash uchun eng yaxshi amaliyotlar, xalqaro tajribalar o’rganib borilmoqda.